Today

“Oʻzbekneftgaz” va “CNPC” rahbarlari hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini muhokama qildilar

Bugun “Oʻzbekneftgaz” AJda Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov va dunyoning beshta eng yirik energetika giganti qatoriga kiruvchi Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) prezidenti Chjou Sinxuay boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muzokaralarda neft-gaz sohasidagi sheriklikni yanada kengaytirish, qoʻshma loyihalarni jadallashtirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi keng qamrovli aloqalar surʼati ikki mamlakat yetakchilarining doimiy eʼtibori tufayli izchil rivojlanayotgani taʼkidlandi. Shu jarayonda “CNPC” “O‘zbekneftgaz”ning muhim hamkorlaridan biriga aylangani qayd etildi.

Tomonlar burgʻilash, geologiya-qidiruv, seysmik tadqiqotlar, konlarning gaz berish samaradorligini oshirish, raqamlashtirish, loyihalash va zamonaviy uskunalar yetkazib berish yoʻnalishlaridagi birgalikdagi natijalarini koʻrib chiqdilar. “CNPC”ga qarashli “Xibu”, “BGP”, “CCDC" va "CNLC" kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar sohadagi texnologik salohiyatni mustahkamlashga xizmat qilayotgani bildirildi.

Muloqotda “M-25” konidagi avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etish joizi, loyiha doirasida qutqaruv quduqlarini burgʻilash rejalashtirilgan.

Shuningdek, ichki bozorni yoqilgʻi bilan barqaror taʼminlash maqsadida neft mahsulotlari yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilish masalasi koʻrib chiqildi. Tomonlar uzoq muddatli yetkazib berish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda tegishli kompaniyalar oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishga tayyor ekanini bildirdilar.

Hamkorlik koʻlami kengayib borayotganini inobatga olgan holda, Toshkent shahrida “CNPC”ning doimiy vakolatxonasini tashkil etish, qoʻshma loyihalarni muvofiqlashtirish uchun zamonaviy maʼmuriy infratuzilma yaratish hamda ijtimoiy tashabbuslarni rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Kadrlar tayyorlash yoʻnalishida I.M.Gubkin nomidagi neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialini qoʻllab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi. Bu tashabbus tarmoq uchun yuqori malakali muhandis-texnik mutaxassislar tayyorlash va istiqbolli loyihalarning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish, yangi texnologik yechimlarni joriy etish va qoʻshma tashabbuslarni amaliy natijalarga yoʻnaltirishga tayyor ekanini tasdiqladilar.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati