Zararli mehnat sharoitida ishlayotganlarga kompensatsiya to‘lash choralari ko‘riladi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda majmua rahbariyati, yoshlar faollari va oddiy ishchilar ishtirok etdi.
Muloqot avvalida Boshqaruv raisi neft-gaz sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Boshqaruv raisi ishchi-xodimlar tomonidan ko‘tarilgan barcha masalalarga shaxsan javob berib, muammolarni ortiqcha cho‘zmasdan, imkoni boricha tezkor ijobiy hal etish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, har chorakda shaxsan Boshqaruv raisi majmuaga tashrif buyurib, joylardagi holatni nazorat qilib borishini ma’lum qildi.
Ayniqsa, majmua bilan ishchilar istiqomat qiladigan hududni bog‘lovchi taxminan 5 kilometrlik nosoz yo‘lni ta’mirlash va soz holatga keltirish bo‘yicha taklif ma’qullanib, mas’ullarga ushbu masalani ijroga kiritish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham qator muhim qarorlar qabul qilindi. Xususan, ishchilarga beriladigan maxsus ish kiyimlari yilda bir marta emas, balki mavsumiy taqdim etilishi bo‘yicha taklif ma’qullandi. Bundan tashqari, shu sohada uzoq yillar halol ishlagan oddiy ishchilarning shu zavodda mehnat qilayotgan farzandlarining xorijiy kompaniyalar huzurida ta’lim olishini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish vazifasi qo‘yildi.
Zararli mehnat sharoitida ishlayotgan xodimlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu toifadagi ishchilarga kompensatsiya to‘lash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berildi. Bu esa mehnat muhofazasi va ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.
Muloqot yakunida korxona rahbariyati oldiga ishlab chiqarish hajmlarini 15 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu maqsadga erishish uchun ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Ushbu ochiq muloqot ishchi-xodimlarning muammolarini tinglash, ularga yechim topish hamda korxona faoliyatida ochiqlik va ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.