Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi
“Oʻzbekneftgaz” AJda oʻtkazilayotgan “Dolzarb 100 kunlik” chora-tadbirlar doirasida Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginovning topshirigʻiga muvofiq, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Boshqaruv raisining yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari va Kasaba uyushmasi qo’mitasi raisi ishtirok etgan uchrashuvda boshqarmada faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning taklif va murojaatlari tinglanib, mavjud muammolar yuzasidan ochiq va samimiy fikr almashildi. Jamoa tomonidan ijtimoiy-mehnat munosabatlariga doir bir qator dolzarb masalalar koʻtarildi.
Xususan, ish haqlarini oshirish, nafaqaga chiqayotgan xodimlarga kompensatsiya toʻlovlarini qayta koʻrib chiqish, 13-oylik ish haqini tiklash, uy-joy bilan bogʻliq muammolarni hal etish hamda xodimlar uchun sugʻurta tizimini yoʻlga qoʻyish va yana bir qancha masalalar kun tartibida boʻldi.
Bildirilgan taklif va murojaatlar masʼullar tomonidan qayd etilib, ularni Boshqaruv raisiga kiritish va bosqichma-bosqich hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilab olindi.
Ochiq va samimiy muloqotlar orqali ishchi-xodimlar fikrini eshitish, ularning muammolariga yechim topish “Oʻzbekneftgaz” AJ rahbariyati uchun ustuvor vazifalardan biri ekani taʼkidlandi.