Gʻoyalar tanlovi, raqobat, hamkorlik
Qayd etish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Energetika forumi doirasida tashkil etilgan “UNG HACKATHON 2025” — yoqilg‘i-energetika sohasi uchun raqamli yechimlar yaratish maqsadidagi yirik texnologik tanlov hisoblanadi.
Xakatonda neft va gaz ob’yektlarida faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin yosh mutaxassis, dasturchi va muhandis 3 kun davomida jamoalarga birlashib, ish olib bordilar. Ularning asosiy vazifasi — “UNG VOLUNTEERS” deb nomlangan volontyorlik saytini yaratish edi.
Ishtirokchilar ma’lumotlar bazasi, interfeys dizayni, animatsiya va effektlar, veb dasturlash kabi yo‘nalishlarda o‘z bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rdilar. Loyihalar hakamlar hay’ati oldida taqdim etildi va g‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Har bir jamoa mutaxassislar, dizaynerlar va biznes-tahlilchilardan tashkil topgan bo‘lib, universitet jamoalarida o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi. Tadbir mobaynida ekspertlar tomonidan mentorlik va maslahatlar ham taqdim etildi.
Birinchi kun jamoalar muammolarni tahlil etib, konsepsiya ishlab chiqishdi. Ikkinchi kunda kodlash, texnik mentorlik, oraliq taqdimotlar o‘tkazildi. Uchinchi kuni final bosqichida ishlanmalar yakunlanib, taqdimot qilindi va g‘olib jamoalar aniqlandi.
Xakaton yakunida “LUKOIL Uzbekistan Operating Company” jamoasi birinchi, “O‘zbekneftgaz” AJ jamoasi ikkinchi, “SANEG” jamoasi uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.
“UNG HACKATHON 2025” – bu nafaqat texnologik musobaqa, balki yoshlar salohiyatini namoyon etish uchun maydondir. Bunday tadbirlar orqali yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining raqamli kelajagi barpo etilmoqda.