April 24

“O‘zbekneftgaz” chiqindi gazlar bilan bog‘liq muammolarni qanday hal etmoqda?

Ruscha

So‘nggi yillarda butun dunyoda ekologiyaga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish taqazo etilmoqda. Ko‘plab yirik ishlab chiqarish korxonalari o‘z faoliyatida tabiiy resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish, chiqindi gazlarini kamaytirish va ulardan foyda olishga harakat qilmoqda.

O‘zbekistonda ham bu sohada ijobiy o‘zgarishlar mavjud. Jumladan, “O‘zbekneftgaz” AJ chiqindi gazlarining havoga chiqishini kamaytirish maqsadida mahalliy korxona - “CARBON-POLYMER” MCHJ bilan hamkorlikni boshladi. Bu hamkorlik nafaqat tabiatni asrash, balki iqtisodiy samaradorlikni oshirishga ham xizmat qiladi.

Mutaxassislar Sho‘rtan, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari hamda Muborak gaz qayta ishlash zavodidagi chiqindi gazlarning tarkibi, hajmi va havoga chiqishi bilan bog‘liq xatarlarni tahlil qilmoqda.

Olib borilgan tahlillar asosida taklif qilingan yechimlar orqali zararli moddalar kamayadi hamda bu gazlar qayta ishlanib foydali mahsulotlarga aylantiriladi. Eng muhimi – bir yilda 22 million kub metr gaz tejalishi rejalashtirilgan!

Bundan tashqari, “E-kon” loyihasi doirasida qazib chiqarish konlarida foydalanilayotgan nasoslar uchun ehtiyot qismlar mahalliy ravishda ishlab chiqarishga oid takliflar tayyorlanmoqda. Bu esa importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi.

“O‘zbekneftgaz” AJ va “CARBON-POLYMER” MCHJ o‘rtasidagi hamkorlik atrof-muhitni muhofaza qilish, resurslardan oqilona foydalanish va yangi texnologiyalarni joriy etishda muhim qadamlardan biridir.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati