9 nafar iqtidorli talabaga “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi tayinlandi
I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filialida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ta’sis etilgan stipendiyaga loyiq topilgan talabalar ishtirokida tadbir o‘tkazildi.
Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy ta’lim olishlari va kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish Yangi O‘zbekistonni qurishda katta manfaat keltirishini ta’kidlagan edi.
Ana shundan kelib chiqib, talabalarni rag‘batlantirish, ularni bilim olish va ilmiy-tadqiqot faoliyatga jalb qilish hamda intellektual salohiyatini oshirish maqsadida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali ilmiy kengashi tomonidan tavsiya etilgan 9 nafar talabaga “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi tayinlandi.
Stipendiatlarga “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan maxsus Sertifikat topshirildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 barobarida belgilangan bo‘lib, har o‘quv yilida sentyabr oyidan boshlab, o`quv yili yakuniga qadar har oyda to‘lab boriladi.