Xotin-qizlar o‘rtasidagi voleybol chempionati yakuniga yetdi!
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tashkil etilgan xotin-qizlar o‘rtasidagi voleybol chempionatining final o‘yinlari hamda yopilish va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Final bahslari nihoyatda shiddatli raqobat va yuqori sport ruhida kechdi. Ishtirokchilar o‘z mahorati, jamoaviy hamjihatligi va irodasi bilan tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni taqdim etdilar.
“Muborak GQIZ” jamoasi uchinchi bor ketma-ket birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o'rinni Buxoro neftni qayta ishlash zavodi MChJ jamoasi uchinchi o'rinni esa Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi jamoasi egalladilar.
Joriy yilgi musobaqa “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yillik yubileyi” munosabati bilan “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va Birlashgan kasaba uyushma qo'mitasi raisi ishtirok etib, g‘oliblarni va eng yaxshi jamoalar, faol ishtirokchilarni faxriy diplomlar, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladilar.
Tadbir xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamoaviylik va do‘stlikni mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.