September 30

Stipendiyalar tanlovi va ishlab chiqarish amaliyotiga saralash dasturi e’lon qilindi

Ruscha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2024-2025 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari iqtidorli talabalari o‘rtasida “Uzbekistan GTL" stipendiyalar tanlovi va ishlab chiqarish amaliyotiga saralash dasturi e’lon qilindi.

Tanlovda texnika va texnologiya yo‘nalishiga ixtisoslashgan davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalarining 3- va 4-bosqich bakalavrlari hamda 1- va 2-bosqich magistr talabalari ishtirok etishlari mumkin.

Gʻoliblar 3 bosqichli saralash natijalariga ko‘ra aniqlanadi:

1-bosqich: Joriy yilning sentyabr oyidan 25 oktyabriga qadar talabgorlar anketa to‘ldirib, ushbu havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

2-bosqich: 25 oktyabrdan 15 noyabrgacha onlayn anketalar asosida saralangan talabalar mutaxassislik va xorijiy til bo‘yicha yozma imtihon topshiradilar.

3-bosqich: Dekabr oyining ikkinchi haftasida 2-bosqichda yuqori natija ko‘rsatgan talabalar suhbatda ishtirok etadilar.

Tanlov bosqichlari bo‘yicha barcha ma’lumotlar, shu jumladan keyingi bosqichga o‘tgan talabalar ro‘yxati, imtihon kunlari, joyi va vaqti, “Uzbekistan GTL”ning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib boriladi.

Gʻoliblarga 2024-2025 o‘quv yili davomida stipendiya to‘lab boriladi va oliy ta’lim muassasasini tugatgandan so‘ng doimiy ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, dasturda muvaffaqiyatli ishtirok etgan, ammo g‘olib bo‘la olmagan talabalar ham zavodda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Batafsil ma’lumot olish uchun +998 71 202 40 80 raqamiga murojaat qilish mumkin.

Ta’kidlash joizki, har yili 250 ga yaqin talabalar amaliyot uchun saralab olinadi. Amaliyot davomida ular bepul transport, uch mahal ovqatlanish, yotoq joy bilan ta’minlanadi va malakali mutaxassislar nazoratida bo‘ladilar.

“Uzbekistan GTL” MCHJ PR-xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook