"O‘zbekneftgaz" mutaxassislari xorijiy zavoddagi uskunani ishga tushirishda maslahatchi sifatida qatnashadi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan gaz kimyo sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha navbatdagi xalqaro stajirovka dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Ushbu dastur 2024 yilda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ va Rossiyaning “Abiroy” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida amalga oshirildi. Hujjat ishlab chiqarish xodimlarini zamonaviy o‘qitish, texnologiyalar almashinuvi va mehnat samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Qayd etish joizki, bu hamkorlik Rossiya va MDH davlatlari korxonalariga ilg‘or texnologiyalarni tadbiq etish imkoni berib, neft-gaz sohasidagi integratsiya jarayonlarini tezlashtiradi hamda ikki mamlakat mutaxassislarining tajriba almashinuviga xizmat qildi.
Dastur doirasida “Abiroy” kompaniyasi bosh direktori hamda “O‘zbekneftgaz” AJ va “Sho‘rtan GKM” vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqildi.
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi mutaxassislari — Araljon Sohibov va Ulug‘bek Jo‘rayev Irkutskda barpo etilayotgan polimer zavodida uskunani ishga tushirish va sozlash ishlarida texnik maslahatchi sifatida ishtirok etish uchun taklif qilindi.