February 10

Ekologiyaga zararli tashlanmalar miqdorini kamaytirish bo‘yicha erishilgan natijalar sarhisob qilindi

Ruscha

Joriy yilning 10 fevral kuni poytaxtdagi Milliy matbuot markazida "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan ekologiyaga zararli tashlanmalar miqdorini kamaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillariga O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida Jamiyat tomonidan ishlab chiqarish korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish va tabiiy resurslarni tejashga qaratilgan chora-tadbirlar va ularning natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

2024 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi barcha boshqarma va korxonalar bo‘yicha atmosfera havosiga tashlanadigan tashlanmalarning ekologik normativ miqdori 142,3 ming tonnaga belgilangan edi. Aslida esa bu miqdor 73,1 ming tonnaga kamaytirildi, ya’ni belgilangan me’yorga nisbatan 69,2 ming tonna yoki 48,6 foizga kam tashlanishga erishilgani ta’kidlandi.

Oqova suvlar tashlanmalarini kamaytirish bo‘yicha o‘tgan yilda belgilangan ekologik normativ miqdor 11,5 million metr kub bo‘lsa, aslida tashlangan oqova suvlar miqdori 4,3 million metr kubni tashkil qildi. Bu o‘z navbatida 7,2 million kub metr kam tashlanishga erishish va ekologik me’yorga nisbatan 62,6 foizga kam tashlanish ko‘rsatkichini ta’minlashga imkon bergani bildirildi.

Shuningdek tadbirda qayd etilganidek, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilar miqdori 36,6 ming tonnani tashkil etdi. Belgilangan ekologik normativ miqdor esa 57,2 ming tonna. Bu 20,6 ming tonna yoki 36 foiz kam chiqindi hosil bo‘lishiga erishilganligini ko‘rsatadi. Shuningdek, chiqindilarni zararsizlantirish va qayta ishlash, shuningdek, atrof-muhitni zararsizlantirish ishlari samarali tarzda amalga oshirildi.

Dastur doirasida eskirgan qozonlar o‘rnini energiya tejamkor qurilmalar bilan almashtirish, yoqilg‘i resurslarini tejash maqsadida muqobil energiya manbalaridan foydalanish yo‘lga quyildi. Bu nafaqat energiya sarfi, balki umumiy emissiyalarni kamaytirishga yordam berdi. Shu bilan birga yangi chang-gaz tozalash qurilmasini ishga tushirish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish ishlari ham samarali olib borildi.

Jamiyatda Yashil makon umummiliy loyihasiga ham katta e’tibor qaratildi. “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha 2024 yilda 348,5 ming tup daraxt ko‘chati ekilishi belgilangan bo‘lib, amalda 367,0 ming tup ekildi. Jamiyat tizimidagi korxonalarda jami 388 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi mavjud. “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalarning 8 ta hududida 166 gektar maydonda yashil belbog‘lar tashkil etildi.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari kompaniyaning kelgusidagi ekologik strategiyasi va sohada amalga oshiriladigan yangi loyihalarga qiziqish bildirishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook