Burg‘ilash jarayonlarini raqamlashtirish loyihasi boshlandi
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish dasturi doirasida burg‘ulash jarayonlarini raqamlashtirish loyihasi ishga tushirildi.
Burg‘ilash jarayonlarini raqamlashtirish orqali qurilmalardan olinadigan ma’lumotlar shaffofligi ta’minlanadi, ularni to‘plash optimallashtiriladi, muammolar joyida tezkor hal etiladi. Eng muhimi, bu jarayonlarda inson omili kamayib, mahsuldor qatlamni sifatli ochish, burg‘ilash ishlarini betalofat olib borish va quduqning qurilish muddatini keskin qisqartirish imkoni yaratiladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan quduqlarni burg‘ilashni onlayn nazorat qilish maqsadida maxsus uskunalar xarid qilindi. Ayni paytda ularni burg‘ilash dastgohlariga o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi.
Mazkur uskunalar yordamida quduqlarni burg‘ilash va murakkab qayta ta’mirlash ishlari jarayonida ma’lumotlarni uzatish tizimi raqamlashtiriladi va har bir texnologik jarayonning olib borish tartibi o‘zlashtiriladi.
Qayd etish joizki, burg‘ilash parametrlarini nazorat qilish tizimi va dasturiy ta’minotidan foydalangan holda quduqlardagi burg‘ilash ishlari 24/7 rejimida onlayn tarzda nazorat qilinadi.
Kelgusida “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli barcha burg‘ilash ob’yektlari bosqichma-bosqich “Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi” tomonidan to‘liq nazorat qilinishi ta’minlanadi.
Bugungi kunda burg‘ilash parametrlarini nazorat qilish tizimi uskunalari va dasturiy ta’minot bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda.