Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida o‘rganish ishlarini olib bormoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari tomonidan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda o‘rganish ishlari olib borildi.
Dastlab, ishchi guruh a’zolari majmuaning texnologik hududi, ishlab chiqarish salohiyati hamda mavjud xavfsizlik infratuzilmasi bilan tanishdilar.
Tashrif davomida majmuada ishlab chiqarilayotgan asosiy mahsulotlar — polietilen granulasi, tozalangan tabiiy gaz, gaz kondensati, suyultirilgan gaz va oltingugurt, shuningdek, polietilen xom ashyosini qayta ishlash natijasida tayyorlanadigan qo‘shimcha mahsulotlar — polietilen quvurlar, fitinglar, kanistrlar, alyumin kompozit panellar, tomchilatib sug‘orish tizimi uchun egiluvchan quvurlar hamda ularning bog‘lovchi qismlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Shundan so‘ng, majmuada amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar bo‘yicha taqdimot namoyish etildi.
Boshqaruv raisi tomonidan ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ rahbariyati va mutaxassislariga tegishli topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.