Moliyaviy tartib, shaffoflik va nazorat – Jamiyatning ustuvor vazifasi
Xabaringiz bor, “O‘zbekneftgaz” AJda yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar natijasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’lon qilingan reyting ro‘yxatida Kompaniya 92 ball to‘plab, beshinchi o‘rinni egalladi. Bu Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishda amaliyot va nazoratning yaxshi tashkil etilganini ko‘rsatadi.
Joriy yil birinchi choragida ham belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va tizimda moliyaviy va huquqiy tartib-intizomni mustahkamlash maqsadida qator samarali ishlar amalga oshirildi.
Joriy chorakda 1 ta kompleks, 3 ta mavzuli o‘rganish, 1 ta xizmat tekshiruvi amalga oshirildi. O‘rganishlar davomida aniqlangan xato va kamchiliklar bartaraf etildi. Shuningdek, 4 ta holat yuzasidan o‘rganish hujjati huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan 32 nafar mas’ulga intizomiy jazo choralari qo‘llanilib, 1 nafari boshqa vazifaga o‘tkazildi, 2 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Tahlil qilingan jami 1 609 ta shartnoma va hujjatning ayrimlarida aniqlangan xato va kamchiliklar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish maqsadida jami 2 653 ta deklaratsiya yig‘ildi. Manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha qayd etilgan 136 ta holat bo‘yicha mas’ullar tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Hisobot davrida ishga kirish uchun murojaat qilgan 74 nafar nomzod "Yo‘riqnoma”ga muvofiq o‘rganilib, shundan 72 ta holatda ijobiy va 2 ta holatda salbiy xulosa berilgan.
Aloqa kanallari orqali kelib tushgan murojaatlar ham belgilangan tartibda o‘rganilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens savodxonligini oshirish maqsadida Jamiyatga qarashli korxona va boshqarmalarda 4 123 nafar ishchi-xodim ishtirokida 59 ta seminar-trening tashkil etildi.
Shuningdek, 30 ta mahalliy va xorijiy korxonalar sanksiyaviy ro‘yxatlar bo‘yicha tekshirildi.
Tizimdagi barcha moliyaviy xato-kamchiliklar, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsion xavflar aniqlangan holda tahlil qilinib, aniq choralar ko‘rilmoqda. Bu Jamiyat faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash va mas’uliyatni oshirishga qaratilgan.