Yoshlar bilan yuzma-yuz
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi O‘tkirbek Mamatqulov Buxoro neftni qayta ishlash zavodi yosh mutaxassislari bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda yosh mutaxassislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish, faol ish jarayonlari, kasbiy o‘sish imkoniyatlari va zavoddagi mehnat muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarini bayon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Suhbat chog‘ida yoshlar bilan ishlash — kompaniyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlanib, kadrlar salohiyatini oshirish, ustoz-shogird an’anasini kuchaytirish, yosh mutaxassislarni innovatsion loyihalarga jalb etish va ularning g‘oyalarini amalga oshirish uchun imkoniyat yaratish muhimligi qayd etildi.
Yoshlar tomonidan ilgari surilgan fikr va takliflarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish belgilandi.
Kelgusida yangi o‘quv va amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish, yosh xodimlar tashabbusi bilan boshlangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, markaziy ofis hamda hududiy zavodlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, fikr almashish va kasbiy rivojlanish uchun zamonaviy platformalar yaratish rejalashtirilgan.
Uchrashuv so‘nggida yosh mutaxassislar bunday ochiq muloqotlar jamoa ichidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlab, ilhom va motivatsiyani oshirayotganini ta’kidladilar.