Yesterday

Iqtisodiy islohotlar natijadorligi – eng avvalo ishchilar manfaatidir

Ana shu tamoyil bugun “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida olib borilayotgan barcha oʻzgarishlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda. Jamiyat Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligida oʻtkazilgan joriy yilning birinchi choragi yakunlariga bagʻishlangan navbatdagi hisobot yigʻilishida iqtisodiy blok faoliyati atroflicha tahlil qilinib, erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar belgilab olindi. Unda moliya, buxgalteriya, gʻaznachilik, xalqaro hisobot, aktivlarni boshqarish, soliq, kreditlar va ESG kabi koʻplab yoʻnalishlar masʼullari ishtirok etdi.

Hisobot davrida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar oʻz samarasini bergani qayd etildi. Xususan, yirik ishlab chiqarish korxonalari – Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi va "Uzbekistan GTL" zavodlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan foydaga chiqqan.

Debitor qarzdorliklarni qisqartirish boʻyicha koʻrilgan choralar ham ijobiy natija berdi. Muammoli qarzdorliklar bosqichma-bosqich undirilib, moliyaviy aylanma mablagʻlar samaradorligi oshirildi. Bu esa jamiyatning likvidlik darajasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Boshqaruv raisi taʼkidlaganidek, iqtisod boʻyicha qabul qilinayotgan har bir qaror avvalo, gaz qazib chiqarish, qayta ishlashni koʻpaytirish va ishchi-xizmatchilar farovonligiga xizmat qilishi shart.

Jamiyatda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash orqali ish haqini oʻz vaqtida toʻlash, uni bosqichma-bosqich oshirish, ijtimoiy kafolatlarni kuchaytirish, kabi muhim vazifalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, foydalanilmayotgan yer maydonlari hamda obyektlarni konservatsiya qilish ishlarini jadallashtirish orqali soliq yuki optimallashtirilmoqda.

Yigʻilishda ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratildi. Jamiyatning xalqaro reytingdagi oʻrnini yaxshilash maqsadida uni 50-pogʻonadan 65-pogʻonaga koʻtarish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Bu borada ekologik masʼuliyatni oshirish, korporativ shaffoflikni taʼminlash, ijtimoiy loyihalarni kengaytirish kabi ustuvor yoʻnalishlar tilga olindi.

Yigʻilishda barcha boshqarmalarda gaz va undan olinadigan mahsulotlar harakatini toʻliq raqamlashtirish — bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilab berildi. Yaʼni, har bir kondan olinayotgan gaz hajmidan tortib, uni qayta ishlash jarayonlari va yakuniy mahsulot sifatida zavoddan chiqishiga qadar boʻlgan barcha bosqichlar aniq hisob-kitob va nazoratga olinishi shart.

“Bu boylik — xalqniki. Shuning uchun uning har bir hissasi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish, noqonuniy yoʻqotishlarga yoʻl qoʻymaslik bizning eng muhim vazifamizdir. Raqamlashtirish esa bu boradagi eng ishonchli va zamonaviy yechimdir”, — deya qayd etildi.

Agar har kim oʻz vazifasini sidqidildan bajarib, kamchiliklarini tan olib, ularni bartaraf etishga qatʼiyat bilan yondashsa, shundagina islohotlar amalda oʻz samarasini berishi qayd etildi.

Bajarilmay qolgan ayrim topshiriqlar tanqidiy koʻrib chiqilib, ularni tezkor bartaraf etish boʻyicha aniq choralar belgilab olindi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati