Ayollar faolligi yanada oshirilib, ulardan rahbar kadrlar tayyorlanadi
Alohida ta'kidlash o‘rinliki, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va oiladagi o‘rni hamda nufuzini yanada oshirishga qaratilgan katta hajmda ishlar tizimli olib borilmoqda.
Boshqaruv raisi va Jamiyatdagi bir guruh faol ayollar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham dastlab shular xususida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, Prezident Farmoni va hukumatning tegishli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Jamiyatda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi tasdiqlanib, tizim korxonalarida boshlang‘ich tashkilotlar tuzilgan.
Yig‘ilishda asosiy e'tibor kengash va ularning boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini yanada jonlantirish, ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Ma'lumot o‘rnida qayd etish joizki, bugungi kunda jamiyatda 33 862 nafar xodim ishlayotgan bo‘lsa, shundan 3 928 nafarini ayollar tashkil etadi.
Boshqaruv raisi sohada rahbar ayollar sonini ko‘paytirish, mentorlik dasturlari orqali ularning professional ko‘nikmalarini yanada oshirishga qaratilgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.
– Neft-gaz sohasida tajribali ayollar ulushini oshirishni avvalo, tizimdagi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba qizlarni saralab olishdan boshlash kerak - dedi B.Sidiqov.
Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida ayollar imkoniyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun ularga zarur sharoitlar yaratish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tizim quyi bo‘g‘inlarida aynan rahbar ayollar sonini oshirish va pirovardida Jamiyat rahbarlik lavozimlarida ham ular salohiyati, tajribalaridan kengroq foydalanish zarurligi ta'kidlandi.
Imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani tanqid qilinarkan mas'ullarga ishdagi muvaffaqiyatlar oila xotirjamligiga daxl qilmaydigan tizimni yo‘lga qo‘ymay turib maqsadga erishib bo‘lmasligi aytib o‘tildi.
Uchrashuvda ayollarni rag‘batlantirish, ular o‘rtasida turli sport musobaqalari va sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazish, salomatliklarini tiklash, malakasini oshirish ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator taklif va mulohazalar bildirilib, ularni umumlashtirish, zavod va korxonalar kesimida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi yuzasidan mas'ullarga topshiriq berildi.