Qazib chiqarish, taʼmirlash va ijro holati yuzasidan tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov rahbarligida “Uzbekistan GTL” MCHJ, “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ hamda Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida qazib chiqarish holati, taʼmirlash ishlari, texnologik qurilmalar barqarorligi, ishlab chiqarish koʻrsatkichlari hamda moliyaviy majburiyatlar ijrosi joyiga chiqqan holda tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, joriy yil yanvar-aprel oylarida «GTL”zavodida 856 mln kub metr tabiiy gaz qayta ishlanib, 328,9 ming tonna sintetik mahsulot ishlab chiqarilgan. Shu bilan birga, ayrim muhim yoʻnalishlarda reja koʻrsatkichlari toʻliq bajarilmagani qayd etildi.
Muhokamalar davomida ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, texnologik xavflarning oldini olish va qurilmalar ishonchliligini taʼminlash ishlari talab darajasida tashkil etilmagani koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, joriy yil 21-may kuni tashqi elektr tizimidagi nosozlik sabab yagona elektr tarmogʻida chastota pasayishi oqibatida zavodni elektr energiyasi bilan taʼminlovchi ikki tarmoq favqulodda oʻchgani, bu esa bugʻ turbinali generatorning ham toʻxtashiga sabab boʻlib, ishlab chiqarish jarayonlarida uzilishlarni keltirib chiqargani qayd etildi.
Boshqaruv raisi tomonidan har bir texnologik jarayon, taʼmirlash ishlari va ishlab chiqarish barqarorligi ko‘zdan kechirilib, muammolarni kechiktirmasdan bartaraf etish, avariyaviy holatlarning oldini olish va texnologik intizomni kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda debitor qarzdorliklarni undirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash va tashqi kredit majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarish masalalari ham qattiq tanqid qilindi. Xususan, tizim korxonalari hamda hamkor tashkilotlar hisobidan shakllangan qarzdorliklarni qisqartirish boʻyicha mutasaddilarga qatʼiy topshiriqlar berildi.
Muhokamalar yakunlari boʻyicha “Uzbekistan GTL” MCHJ rahbariga hayfsan intizomiy jazosi qoʻllanilib, belgilangan vazifalar ijrosi taʼminlanmagan taqdirda lavozimidan ozod qilinishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Shuningdek, yigʻilishda joriy yil may oyida Shoʻrtan gaz kimyo majmuasida amalga oshirilgan texnologik taʼmirlash ishlari qisqa — 10 kun muddatda yakunlangani alohida eʼtirof etildi. Taʼmirlash ishlarining belgilangan muddatdan oldin tugallangani natijasida qoʻshimcha 32,4 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqarishga erishilgani taʼkidlandi.
Muhokamalar davomida ishlab chiqarish barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan GT-1201 kompressori masalasi ham atroflicha koʻrib chiqildi. Xususan, “Mitsubishi Heavy Industries Compressor Corporation” (Yaponiya) kompaniyasi tomonidan texnik audit qayta oʻtkazilib, tegishli nuqson dalolatnomalari rasmiylashtirilgani maʼlum qilindi.
Shu bilan birga, dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy vaziyat sharoitida ishlab chiqarish jarayonlari uzluksizligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik resurslar va ehtiyot qismlar xaridini jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Muhokamalar davomida Shoʻrtan majmuasi ishga tushirilganidan buyon yangi turdagi yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha yetarli ishlar amalga oshirilmagani tanqidiy baholandi. Shu munosabat bilan “Uzbekistan GTL” hamda Shoʻrtan gaz kimyo majmuasining mavjud xomashyo bazasi negizida bozorbop va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda Shoʻrtan gaz kimyo majmuasining 25 yillik yubiley tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Xususan, neft-gaz sohasi va majmua faoliyatini oʻzida aks ettiruvchi zamonaviy stella barpo etish, yubiley tadbirlarini munosib darajada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, safar davomida Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining mavjud ishlab chiqarish holati, quduqlar samaradorligi, geologik-texnik tadbirlar, burgʻilash jarayonlari, kompressor stansiyalari faoliyati va elektr taʼminoti bilan bogʻliq masalalar ham joyida o‘rganildi.
Qayd etilganidek, 2026-yil 23-may holatiga boshqarma tomonidan 2 mlrd 623,5 mln kub metr tabiiy gaz, 37,4 ming tonna gaz kondensati, 74,9 ming tonna suyultirilgan gaz va 220 tonna oltingugurt ishlab chiqarilgan. Shu bilan birga, ayrim yoʻnalishlarda oʻsish surʼatlari kutilgan darajada taʼminlanmagani, xususan, tabiiy gaz va gaz kondensati ishlab chiqarish hajmlarida pasayish kuzatilayotgani taʼkidlandi.
Yigʻilishda bugungi murakkab sharoitda qazib chiqarishni barqaror saqlash har bir quduq, har bir texnologik jarayon va har bir boshqaruv qarorini chuqur tahlil qilishni talab etishi qayd etildi. Shu munosabat bilan Boshqaruv raisi tomonidan barcha jarayonlarni qoʻlbola yondashuv emas, aniq hisob-kitob va tizimli reja asosida tashkil etish boʻyicha qatʼiy vazifalar belgilab berildi.
Xususan, “Shlyumberje” kompaniyasi bilan hamkorlikda "Shoʻrtan" va "Niyoz" konlaridagi tabiiy tushish holatini qayta tahlil qilish, yangi quduqlarni qisqa muddatlarda ishga tushirish, konservatsiyadagi quduqlarni qayta tiklash hamda burgʻilash ishlarini jadallashtirish boʻyicha aniq muddatli topshiriqlar berildi.
Muhokamalarda avariyaviy toʻxtalishlar ham alohida koʻrib chiqildi. Hisobot davrida yuz bergan toʻxtalishlarning asosiy qismi kompressor stansiyalari va elektr taʼminoti bilan bogʻliq ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan kompressor agregatlarini taʼmirlash, ehtiyot qismlar zaxirasini shakllantirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda sozlash ishlarini tezlashtirish boʻyicha tezkor choralar belgilandi.
Shu bilan birga, mavjud quduqlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, geologik-texnik tadbirlarni oʻz vaqtida bajarish va texnologik yoʻqotishlarni kamaytirish hisobidan yil yakuniga qadar kunlik qazib chiqarish hajmini qoʻshimcha 1 mln kub metrga oshirish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilish yakunida Boshqaruv raisi tomonidan har bir yoʻnalish kesimida shaxsiy masʼuliyat kuchaytirilishi, belgilangan vazifalar ijrosi qatʼiy nazorat qilinishi hamda qazib chiqarish barqarorligini taʼminlash boʻyicha barcha zarur choralar koʻrilishi taʼkidlandi.