O‘zbekistonda ilk mahalliy choklangan polietilen namoyish etildi
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Plastex Uzbekistan 2025” xalqaro ko‘rgazmasiga “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarmoq korxonalari — “Sho‘rtan GKM” MCHJ hamda “Uz-Kor Gas Chemical” QK MCHJ faol qatnashdi.
Ko‘rgazmada Germaniya, Hindiston, Eron, Xitoy, Janubiy Koreya, Latviya, Rossiya, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekistondan 250 ga yaqin kompaniya va brendlar o‘zining polimer va plastmassa sohasidagi ilg‘or texnologiyalari, zamonaviy uskunalari hamda turli sanoat yo‘nalishlari uchun zarur mahsulotlarini taqdim etdi.
Bu yilgi ko‘rgazmaning asosiy yangiligi sifatida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tasarrufida tashkil etilgan “Nasaf XCP Techno” qo‘shma korxonasining ilk mahalliy mahsulot — choklangan polietilen (PE-X) kompaundi namoyish etildi.
Ma’lumot uchun: “Nasaf XCP Techno” QK MCHJ 2025 yilda Xitoyning “Yunnan Xinchengpeng Polymer Technology” kompaniyasi, mahalliy “Techno Cable Group” MCHJ va “Sho‘rtan GKM” MCHJ hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, respublikada birinchi marta choklangan polietilen ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Yangi mahsulot yuqori kuchlanishli kabellar, temir yo‘l qurilishi, telekommunikatsiya, sanoat va maishiy yo‘nalishlarda keng qo‘llaniladi. “Nasaf XCP Techno”ning mazkur taqdimoti nafaqat mahalliy polimer sanoatida yangi bosqichni boshladi, balki mamlakatning import o‘rnini bosish va ichki bozor ehtiyojini qondirishda muhim qadam bo‘ldi.