Yaponiya banki bilan yangi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi
“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati Yaponiyaning “MUFG Bank Ltd” banki vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari va moliyalashtirish takliflari yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab bank vakillari Jamiyat tomonidan erishilgan natijalar, amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari, iqtisodiy barqarorligi va loyihalardagi islohotlar bilan tanishtirildi.
Shuningdek, xorijiy bank hamkorligidagi loyihalar va yapon iyenasi valyutasida kredit ajratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xitoy Xalq Respublikasidan uskunalar xaridini Eksport kredit agenliklari (EKA) sug‘urta qoplamasi ostida moliyalashtirish bo‘yicha bank tomonidan berilgan indikativ takliflar va loyihani amalga oshirish muddatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari “MUFG Bank Ltd” banki bilan qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladilar.