Neft va gaz quduqlariga identifikatsion raqamlar berish yo‘lga qo‘yildi
Zamonaviy texnologiyalar O‘zbekistonning neft va gaz sohasini tezkorlik bilan o‘zgartirmoqda. Raqamlashtirish davrida aniq va tezkor ma’lumotlarni tizimli boshqarish juda muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Konlarni ishlatish departamentiga qarashli Modellashtirish markazi xodimlarining neft va gaz quduqlariga identifikatsion raqamlar (UWI) berish haqidagi qo‘llanmasi 2019 yildan boshlab "O‘zbekneftgaz" AJda pilot loyiha sifatida joriy qilina boshlandi.
Mutaxassislarning innovatsiyasi – identifikatsiya kodlarining raqamli tizimi – har bir quduqning joylashuvini kuzatish, ma’lumotlarni aniq va tizimli boshqarish imkonini beradi. NGH 39.0-271:2025 raqami ostida ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanma quduqlarga xalqaro UWI (Unique Well Identifier) identifikatori asosida yagona noyob identifikasion raqam berish qoidalarini belgilab beradi.
O‘zbekistondagi neft-gaz ma’lumotlarini raqamlashtirish loyihasi "O‘zbekneftgaz" AJ va AQSHning Schlumberger kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Bu loyiha xodimlar tomonidan ishlab chiqilgan metodika tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi.
Mutaxassislar quduqlarning joylashuvini standartlashtirish va ularni yagona ma’lumotlar bazasida saqlashni o‘z ichiga olgan yagona tizimni taklif etdi. Bu nafaqat ma’lumotlarni raqamli formatda yuritish, balki ularni jahon miqyosidagi dasturiy ta’minotlar bilan integratsiya qilish imkonini ham yaratadi.
Tizim konlarni boshqarish jarayonini soddalashtiradi va har bir quduq haqida aniq, tuzilgan ma’lumotlarni taqdim etadi. Bu real vaqt rejimida dolzarb ma’lumotlarni olish, o‘zgarishlarga tezkor javob berish va samarasiz xarajatlarni kamaytirib, uglevodorodlarni qazib olish jarayonini yanada samarali tashkil etish imkoniyatini yaratadi.
Hozirgi kunda neft va gaz sanoatini avtomatlashtirish va raqamlashtirish jadal rivojlanmoqda. Ma’lumotlarni qayta ishlash, raqamli modellashtirish va prognoz tahlili sohasidagi innovatsiyalar resurslarni boshqarishda asosiy vositalarga aylanmoqda. Bu tajriba ilg‘or texnologiyalar va aniq muhandislik yechimlarining integratsiyasi neft-gaz sanoatining barqaror rivojlanishini ta’minlashini ko‘rsatdi.
Mutaxassislar tomonidan taklif etilgan uslub allaqachon O‘zbekiston neft-gaz sanoati samaradorligiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda va resurslarni boshqarish bo‘yicha yangi standartlarni shakllantirmoqda. Bunday yondashuv qazib olish hajmlarini aniq prognoz qilish, ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish va mamlakatning jahon energetika bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.