Korrupsiyaga qarshi kurashish yangi bosqichga ko‘tariladi
Bugun Jamiyatda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha rahbar va xodimlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda bu borada amalga oshirilyotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida so‘z bordi.
Xabaringiz bor, davlat rahbari raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda tajriba tariqasida “O‘zbekneftgaz”ning komplayens nazorati Agentlikka o‘tkazilgan edi.
Ushbu topshiriq ijrosi doirasida Davlanov Alisher Yusubovich “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi va jamoaga tanishtirildi.
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish yangicha tizim bo‘yicha Agentlik hamda Jamiyat tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.
Shuningdek, “halollik vaksinasi” tamoyili asosida korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish ta’minlanadi. Tizimli ravishda korrupsiya omillari chuqur o‘rganilib, tahlillar asosida aniq choralar ishlab chiqiladi.