Havaskor hunarmand ayollarga sertifikatlar topshirildi
"Tadbirkor ayol" Xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qashqadaryo viloyat bo‘limida tadbirkorlik va kichik biznes bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan hunarmand ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Biznes asoslari" mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Tadbir "O‘zbekneftgaz" AJ Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi hamda Qashqadaryo viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Unda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan va Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi havaskor hunarmand ayollar ishtirok etdi.
Seminarga jalb qilingan malakali soha mutaxassislari va tajribali tadbirkorlar tomonidan ishtirokchilarga o‘z faoliyatini rivojlantirish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasidagi zarur bilim va ko‘nikmalar berildi.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilarga "Tadbirkor ayol" Xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qashqadaryo viloyat bo‘limining a'zolik guvohnomasi hamda sertifikatlari topshirildi.