March 5

Yangi qoʻriqlash xizmati: 600dan ortiq qoʻshimcha ish oʻrni va samara

“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz sohasini moliyaviy sogʻlomlashtirish hamda boshqaruv tizimini takomillashtirish yoʻnalishida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatda amalga oshirilayotgan “Dolzarb 100 kunlik” chora-tadbirlar doirasida ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, xarajatlarni qisqartirish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan bir qator tashkiliy oʻzgarishlar joriy etilmoqda.

Xususan, zavod va boshqarmalarga qarashli qoʻriqlanadigan obyektlarni raqamlashtirish, ularni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash orqali qoʻriqlash tizimini modernizatsiya qilish va xarajatlarni optimallashtirish ishlari boshlandi. Ushbu islohotlar doirasida Shoʻrtan, Muborak va Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida zamonaviy, Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati tashkil etildi. Natijada 625 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Shu paytga qadar mazkur boshqarmalardagi tegishli qoʻriqlanadigan obyektlarda IIV huzuridagi hududiy Qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari tomonidan xizmat koʻrsatib, bu uchun yiliga qariyb 175 mlrd soʻm mablagʻ sarflangan.

Tizimdagi bu islohot qoʻriqlash tizimini yanada samarali tashkil etish bilan birga, yillik xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur tashkiliy oʻzgarishlar natijasida yiliga taxminan 100 mlrd soʻm mablagʻ iqtisod qilinishi kutilmoqda.

Mazkur mablagʻlar qoʻriqlash tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xavfsizlik infratuzilmasini yanada takomillashtirish hamda ishlab chiqarish obyektlarining ishonchli muhofazasini taʼminlashga yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati