March 6

Mutaxassislar bosh metrologlarning yillik yig‘ilishida ishtirok etdi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ vakillari MDH mamlakatlaridagi neftni qayta ishlash va neft-kimyo korxonalari bosh metrologlarining yillik yig‘ilishida qatnashdi.

Asosiy maqsad import o‘rnini bosuvchi metrologik asbob-uskunalar, texnologik jarayonlarni boshqarish tizimlari, butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdan iborat.

Unda neft-gaz, kabel, metallurgiya sanoati, kimyo texnologiyalari va yoqilg‘i-energetika kompaniyalarining 200 ga yaqin mutaxassisi ishtirok etdi.

Metrologiya uskunalari ishlab chiqaruvchilar stendlarida bosh metrologlarning ma’ruzalari, taqdimotlari, shuningdek, “В2В” va “B2G” formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbir doirasida 50 dan ortiq yirik kompaniya bosh metrologlarining import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishdagi dolzarb vazifalari, natijalar va istiqbollarga oid ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, bu borada muvaffaqiyatga erishgan korxonalar quvvatlari, texnologiyalari va ish usullari haqida batafsil ma’lumotlar beruvchi taqdimotlar namoyish etildi.

15 dan ortiq kompaniya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, metrologiya uskunalarini import o‘rnini bosish tajribasi muhokama qilindi. Jamiyat vakillari tadbir doirasida namoyish etilgan ekspozisiyalarni o‘rganishdi.

Yig‘ilish yakunida Bosh metrologlar kengashi bilan sohadagi murakkab muammolarni hal etish bo‘yicha tajriba almashish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook