September 15

“O‘zbekneftgaz” AJ: Zamonaviy tahdidlarga qarshi xavfsizlik choralari

"O‘zbekneftgaz" AJ tizimidagi toifalangan obyektlarning xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va qo‘riqlash vositalarini joriy qilish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yil 11 sentyabr kuni “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda xavfsizlikni ta’minlash va zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish doirasida uchuvchisiz uchadigan qurilma (dron)lardan himoyalanish bo‘yicha seminar tashkil etildi. Tadbirda majmua rahbariyati, xavfsizlik xizmati mutaxassislari, "O‘zbekneftgaz" AJ tasarrufidagi ob’yektlarni qo‘riqlash bo‘yicha mas’ul xodimlar hamda sohadagi yetakchi ekspertlar ishtirok etdilar.

Seminar davomida ishtirokchilarga dronlardan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar, ularning ishlab chiqarish jarayoniga va ob’yekt xavfsizligiga ta’siri haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, zamonaviy himoya texnologiyalari va maxsus qurilmalar taqdimoti o‘tkazildi.

Mutaxassislar dronlarni aniqlash, kuzatish hamda zarur hollarda ularning boshqaruvini qo‘lga olish imkonini beruvchi qurilmalar faoliyatini amaliy tarzda namoyish etdilar. Bu uskunalar orqali ob’yekt hududi ustida ruxsatsiz parvozlarning oldini olish, xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

Seminar yakunida qatnashchilar mavzu bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdilar, xavfsizlikni mustahkamlash borasida qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilab olishdi.

Bu kabi seminarlarning muntazam o‘tkazilishi ishlab chiqarish jarayonlari barqarorligi va xodimlar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati