Aholini qish mavsumida neft mahsulotlari bilan ta’minlash borasida qilinayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi
Xabaringiz bor, 2024 yil dekabr oyida respublika hududiga sovuq ob-havo oqimi kirib kelishi natijasida ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritildi. Natijada aholining avtobenzinga bo‘lgan talabi boshqa kunlarga nisbatan keskin ortdi.
So‘nggi yillardagi tajribadan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining ko‘rsatmalari asosida bunday vaziyatlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rib, aynan avtobenzinga talab yuqori bo‘lgan kunlarda birja savdolariga chiqarilgan AI-80 rusumidagi avtobenzin kunlik xajmi to‘rt barobarga oshirildi. Misol uchun 2024 yil noyabr oyida kunlik 1800-2000 tonna benzin savdoga chiqarilgan bo‘lsa, 10 dekabrda bu ko‘rsatkich 2 barobarga ortib 3600-4000 tonna mahsulot savdoga chiqarildi. 11-18 dekabr kunlari esa, kunlik xajm 4 barobarga oshirilib, 8000 tonna avtobenzin savdolarga qo‘yildi.
Ma’lumot o‘rnida: 2024 yil dekabr oyida jami 130 ming 400 tonna avtobenzin shundan 94 ming 700 tonna AI-80 rusumidagi avtobenzin birja savdolarida sotish uchun joylashtirildi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2023 yilning mos davrida jami 62 ming tonna avtobenzin shundan 59 ming 800 tonna AI-80 rusumidagi avtobenzin birja savdolariga chiqarilgan.
Mamlakatimiz aholisini avtobenzin va dizel yonilg‘isi bilan zarur miqdorda hamda uzluksiz ta’minlash maqsadida bugungi kunda ham yetarli zaxiralar mavjud.
Ma’lumot o‘rnida: Joriy kun holatiga “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxonalarda 60 ming tonnadan ziyod avtobenzin zaxirasi bor. Taqqoslash uchun, bu o‘tgan yilning mos davrida nisbatan qariyb 4 barobarga ko‘p degani.
Mamlakatimizda, so‘nggi yillarda tovarlar va xizmatlar bozorlarida samarali raqobat muhitini yaratish hamda monopoliyani bosqichma-bosqich qisqartirish, taqsimlash tizimi elementlarini tugatish, xo‘jalik yurituvchi barcha sub’yektlarning moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlanishida teng shart-sharoitlarni vujudga keltirish yuzasidan ham izchil amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ushbu tartib-tamoyilga asosan, “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi neft mahsulotlari faqat birja savdolari orqali, erkin raqobat muxitida sotuvga chiqarilmoqda.
Bundan tashqari, respublika iqtisodiyot tarmoqlarini dizel yonilg‘isi bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, 2024 yil 19 fevral kunidan boshlab, Buxoro zavodi tomonidan ishlab chiqarilayotgan an’anaviy dizel yonilg‘isiga sintetik dizel yonilg‘isini kompaundlash evaziga dizel yonilg‘isi narxi 15 foizga arzonlashtirildi. Dizel yonilg‘isining ishlab chiqarish quvvatlari oshirildi.
Iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida birja savdolariga dizel yonilg‘isini kichiklashtirilgan lotlarda sotish tashkil etilgan. Jamiyat tasarrufidagi neft bazalarda avtobenzin bilan bir qatorda dizel yonilg‘isini ham iste’molchilar, jumladan qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetkazib berish bo‘yicha barcha infratuzilmalar mavjud. Qayd etish joizki, 2024 yil davomida dizel yonilg‘isi bo‘yicha uzulishlar bo‘lmadi.
Respublika aholisining avtobenzin va dizelga bo‘lgan talabini qondirish masalasi O‘zbekneftgaz hamda tarmoq korxona rahbarlarining kundalik shaxsiy nazorati ostiga olingan bo‘lib, buning uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.