“Dolzarb 30 kun” tadbirlari o‘tkazilmoqda
Xabaringiz bor, iyul oyida respublika miqyosida Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbirlariga start berilgan edi. Oylik doirasida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi ob’yektlarida ham qator tadbirlar tashkil etildi.
Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ullari hamkorligida majmuada yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish holati, o‘t o‘chirish vositalari, avtomatik darak berish tizim va moslamalari, suv bilan sovitish va ko‘pik bilan o‘chirish qurilmalarining doimiy sozligi navbatdan tashqari tekshiruvdan o‘tkazildi.
Qayd etish joizki, majmuada suyultirilgan gaz mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan idishlarni tasdiqlangan grafik asosida, muntazam ravishda maxsus uskunalar yordamida sovitib turilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirlar doirasida etilen ishlab chiqarish bo‘limida tabiiy va texnogen tusdagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va shoshilinch ishlarni aniqlash hamda amalga oshirishni tekshirish maqsadida taktik-amaliy o‘quv mashg‘uloti ham tashkil etildi.
Unda ixtisoslashgan xizmat xodimlari va majmua ishchi-xizmatchilaridan iborat qutqaruvchilarga shartli ravishda yuzaga kelgan yong‘inni bartaraf etish vazifasi topshirildi.
Sodir bo‘lgan shartli tabiiy va texnogen vaziyatni bartaraf etish uchun jalb qilinadigan kuch-vositalarini to‘g‘ri yo‘naltirish, jabrlanganlarni xavfsiz hududga olib chiqish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.