Favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar oshirildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tizim tashkilotlarida “Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va fuqaro muhofazasi oyligi” jadal suratlarda davom etmoqda.
Oylik doirasida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli majmuada hamkorlikdagi organlar ishtirokida “Texnogen tusdagi favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda ishchi-xodimlarni to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Bundan tashqari boshqarmalar, zavod hamda neft bazalarda “Zilzila vaqtida ishchi-xodimlarni to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish” mavzusida profilaktik-seminar mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbirlar ishtirokchilariga yuqoridagi vaziyatlarda tayyorgarlikni shakllantirish, evakuatsiya rejasiga asosan xavfsiz joyga ko‘chirish va oqibatlarini bartaraf etish usullari o‘rgatildi.
Bunday mashg‘ulotlar zilzila oqibatlarini bartaraf etish, favqulodda holatlarda kuch va vositalar hamda xodimlarni to‘g‘ri harakat qilishga, shuningdek, ikkilamchi talofatlarni kamaytirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.