Importni qisqartirishda navbatdagi qadam
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidagi tashkilotlar hamda “TOSHELECTROAPPARAT” MCHJ XK vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
“TOSHELECTROAPPARAT” tomonidan taqdim etilgan yuqori texnologiyali mahsulotlar, jumladan, portlashdan himoyalangan yoritish vositalari, quyosh elektr stansiyalari va chastota o‘zgartirgichlarni mahalliylashtirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Taqdim etilgan uskunalar, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan yechimlar sohada energiya samaradorligini oshirish va ekologik zararni kamaytirishga xizmat qiladi. Xususan, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi kabi tashkilotlarni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash orqali ishlab chiqarish samaradorligi oshiriladi.
Yig‘ilishda ishtirokchilar o‘zaro muloqotni muntazam davom ettirish va amaliy loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib olishdi.