April 5, 2023

“O‘zbekneftgaz”: “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan dizel narxi yana arzonlashtirildi 

Ruscha

“Uzbekistan GTL” majmuasida o‘tgan yilning iyun oyidan boshlab sintetik suyuq yonilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Respublika tovar xom-ashyo birjasi orqali iste’molchilarga har kuni birja savdolari orqali yetkazilmoqda.

“Uzbekistan GTL” dizeli Yevropa sifat darajasiga javob beradigan zamonaviy va yuqori sifatli yoqilg‘idir.

“Yevro-6 standarti” talablariga to‘liq javob beradigan “GTL” dizeli O‘zbekiston va MDH mamlakatlarida mukammal ishlash hamda ekologik xususiyatlarga ega birinchi sintetik yoqilg‘i hisoblanadi.

2022 yilning noyabr oyida “Uzbekistan GTL” zavodining ikkinchi navbati ishga tushirilishi bilan to‘liq ish rejimiga o‘tkazildi va tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi yanada oshirildi. Ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali mahsulot tannarxini pasayishiga erishilmoqda. Ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan katalizatorlar va kimyoviy reagentlarni ekspluatasiyasida unumdorligi oshishi, optimallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va CMMS tizimini joriy etilishi munosabati bilan ham ta’mirlash xarajatlarini kamaytirilishiga, ishlarni reja asosida tashkil etilishiga va yuqori samaradorlikni amalga oshirilishi ham narh pasayishida katta omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Respublika ichki iste’molchilariga yuqori sifatli va ekologik toza dizel yonilg‘isini yetkazib berishni ta’minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan joriy yilning 5 aprel kunidan boshlab Tovar xom ashyo birjasi orqali sotuvga qo‘yiladigan sintetik dizel yoqilg‘isining bir tonnasining boshlang‘ich narxi 10 116 972 so‘mgacha arzonlashtirilishi belgilandi.

2022 yil iyun oyidan bugungi kunga qadar, ya’ni,o‘tgan 9 oy vaqt mobaynida 34,9 foizga arzonlashtirilganligi evaziga, dastlabki narxi 15,5 mln. so‘mni tashkil etgan sintetik dizel yoqilg‘isi 5 apreldan 10,1 mln. so‘mdan sotiladi.

GTL dizeli “Yevro-4” va undan yuqori bo‘lgan yonilg‘ida ishlaydigan yengil avtomobillar va yuk mashinalari, shuningdek, mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan gabarit va maxsus dizel yonilg‘ili transport vositalari uchun ideal tarzda mos keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 29 avgustdan sintetik dizelning 1 tonnasi uchun boshlang‘ich narxi 15 550 500 so‘mdan 14 504 378 so‘mga, 13 sentyabrdan 14 504 378 so‘mdan 13 897 110 so‘mga, 31 oktyabrdan 13 897 110 so‘mdan 12 998 420 so‘mga, joriy yilning 13 fevral kuni 12 998 420 so‘mdan 11 855 380 so‘mgacha arzonlashtirilgan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|facebook|instagram|telegram|