Amir Temur merosi – zamonaviy nigohda: Xodimlar Islom sivilizatsiyasi markaziga ekskursiya qilishdi
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ Markaziy apparati, tizim korxona va tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar uchun Islom sivilizatsiyasi markazida tarixchilar ishtirokida maʼrifiy uchrashuv hamda ekskursiya tashkil etildi.
Muloqotda olimlar tomonidan Amir Temurning davlat boshqaruvi, harbiy sanʼati, adolatli siyosati hamda ilm-fan va madaniyat rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, uning “Kuch – adolatda” tamoyiliga asoslangan boshqaruv tizimi bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmaganligi alohida taʼkidlandi.
Tadbir savol-javoblar, ochiq muloqotlar ruhida oʻtib, xodimlarda tarixiy merosimizga boʻlgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.
Mazkur maʼrifiy tadbirlar doirasida markaz fondini boyitish maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini aks ettiruvchi kitob va albomlar toʻplami taqdim etildi.
Shuningdek xodimlar Markazning zamonaviy kutubxonasidagi nodir qoʻlyozmalar va tarixiy manbalar bilan tanishish imkoniga ham ega boʻlishdi.
Ekskursiya davomida ishtirokchilar qadimgi davrlardan to bugungi kungacha boʻlgan tarixiy taraqqiyot bosqichlarini oʻzida mujassam etgan noyob ilmiy-tarixiy manbalar, qoʻlyozmalar va artefaktlarni zamonaviy interaktiv va multimedia vositalari orqali koʻzdan kechirdilar.
Ayniqsa, Markazda joriy etilgan ilgʻor texnologiyalar — raqamli panellar, 3D vizualizatsiyalar va multimedia taqdimotlar orqali tarixiy maʼlumotlarning jonli va taʼsirchan shaklda taqdim etilishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.