Xom neft yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Turkmanistonning "Petronas Carigali (Turkmenistan) Sdn Bhd (PC(T)SB)" kompaniyasi vakillari o‘rtasida xom neft yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Mazkur kelishuv tomonlar o‘rtasidagi faol hamkorlik hamda "O‘zbekneftgaz" AJ ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida shakllangan bo‘lib, mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash va neft-gaz sohasini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Shartnoma "Kiyanli" konlaridan uzoq muddatli va kafolatlangan xom neft yetkazib berishni nazarda tutadi. Bu esa zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini barqaror yuklanishini ta’minlash va neftni qayta ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tomonlar kelishuvning asosiy shartlari, jumladan, hajmlari, yetkazish muddatlari va narx belgilash mexanizmlarini muhokama qilib, barqaror hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga kelishib olishdi.
"O‘zbekneftgaz" AJ uglevodorod xom ashyosi yetkazib berishni ta’minlash va neftni qayta ishlash quvvatlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan ishlarni jadal amalga oshirmoqda. "Petronas Carigali" kabi xalqaro hamkorlar bilan global energetika bozoriga integratsiyalashish, sohaning raqobatbardoshligini oshirish va neftni qayta ishlashga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish strategiyasining muhim qismi hisoblanadi.