Beshta yangi kon, milliardlab tejam va yangi vazifalar
“Oʻzbekneftgaz” AJda joriy yilning toʻqqiz oylik yakunlari hamda yilning hal qiluvchi toʻrtinchi choragida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan apparat yigʻilishi oʻtkazildi.
Sarhisob avvalida Boshqaruv raisi erishilgan natijalarni oddiy hisobot emas, balki har bir rahbar va jamoa zimmasiga yanada yuksak masʼuliyat yuklaydigan muhim mezon sifatida baholadi. A.Sanginov Prezident huzurida Jamiyatning toʻqqiz oylik faoliyati yuzasidan oʻtkazilgan taqdimotda davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar — yillik koʻrsatkichlar ijrosini soʻzsiz taʼminlash barcha boʻgʻinlar uchun qatʼiy harakat dasturi boʻlishi lozimligini taʼkidladi.
Ishlab chiqarishda barqaror oʻsish
Toʻqqiz oy davomida 41,8 trillion soʻmlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi. Belgilangan reja 103,5 foizga bajarilib, oʻsish surʼati 105,9 foizni tashkil etdi. Bu natija asosiy mahsulot turlari boʻyicha qayd etilgan yuqori koʻrsatkichlar bilan mustahkamlandi. Jumladan, 773,5 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilib, reja 100,2 foizga, 759,7 ming tonna dizel yoqilgʻisi boʻyicha 161,4 foizga, 210,6 ming tonna aviakerosin boʻyicha esa 117,3 foizga bajarildi. Shuningdek, 451,5 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, reja 119,2 foizga, 135,1 ming tonna oltingugurt boʻyicha 113,5 foizga bajarildi. Polietilen ishlab chiqarish hajmi 101,3 ming tonnani tashkil etib, belgilangan reja toʻliq taʼminlandi.
Geologiya-qidiruv — kelgusi barqarorlik poydevori
Yigʻilishda geologiya-qidiruv ishlari koʻlami oʻtgan yilning mos davriga nisbatan besh barobar oshirilgani alohida qayd etildi. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida beshta yangi gaz koni ochildi, 14 ta maydon burg‘ilashga kiritildi. Mazkur koʻrsatkichlar joriy ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash bilan birga, kelgusi yillar uchun resurs bazasini kengaytirishga qaratilgan tizimli yondashuvning amaliy natijasidir.
Eksport, investitsiya va mahalliylashtirishda rejadan yuqori koʻrsatkichlar
Jamiyatning tashqi bozordagi faolligi va investitsiya dasturlarini amalga oshirish borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Hisobot davrida mahsulotlar eksporti 736,7 million dollarga yetkazilib, reja 151 foizga bajarildi. Oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 790 million dollarni tashkil etib, belgilangan reja 100,1 foizga taʼminlandi. Mahalliylashtirish dasturlari doirasida 17,3 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, reja 139,4 foizga bajarildi. Davlat byudjetiga 6,9 trillion soʻm miqdorida soliq va boshqa majburiy to‘lovlar yoʻnaltirilib, belgilangan koʻrsatkich 103,1 foizga taʼminlandi.
Moliyaviy samaradorlik va yangi dividend amaliyoti
Jamiyat va uning tasarrufidagi yirik ishlab chiqarish korxonalarining sof foydasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada oshdi.
Ayniqsa, Jamiyat ulushi mavjud korxonalar faoliyatidan toʻqqiz oy yakunlari boʻyicha 2,6 trillion soʻm dividend hisoblangani moliyaviy boshqaruvdagi muhim sifat oʻzgarishini koʻrsatadi. Mazkur mablagʻ faqat qoʻshimcha daromad emas, balki aktivlardan samarali foydalanish, aksiyadorlik ishtirokini aniq iqtisodiy natijaga yoʻnaltirish hamda korxonalarning Jamiyat moliyaviy barqarorligiga qoʻshayotgan hissasini oshirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlarning amaliy samarasidir. Yigʻilishda bunday miqdordagi dividend toʻlovi avvalgi amaliyotda kuzatilmagani alohida taʼkidlandi. Bu esa aktivlarni boshqarish tizimi yangi bosqichga koʻtarilgani va investitsiya qilingan kapitaldan qaytim olish mexanizmi aniq moliyaviy natija bera boshlaganini tasdiqlaydi.
Samaradorlik faqat daromadlar oʻsishi emas, balki xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga ham taʼminlandi. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 1,9 trillion mablagʻ tejalib, belgilangan reja 111,5 foizga bajarildi. Foydalanilmayotgan mol-mulkning davlat zaxirasiga oʻtkazilishi natijasida mol-mulk soligʻi va yer soligʻi kamaydi.
Bu yondashuv ishlatilmayotgan aktivlarni saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qisqartirish, boʻshagan mablagʻlarni esa ishlab chiqarish va ijtimoiy vazifalarga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Shuningdek neft bazalarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash va aholiga yoqilgʻi yetkazib berish infratuzilmasini kengaytirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. Mavsum davomida ichki bozorda barqaror taʼminotni taʼminlash uchun hozirning oʻzida benzin zaxirasi oʻtgan davrga nisbatan 2,5 barobar koʻp hajmda shakllantirilgan.
Inson qadri va munosib mehnat sharoiti
Yigʻilishda ishlab chiqarish natijalari xodimlar uchun yaratilayotgan munosib mehnat va maishiy sharoitlar bilan uzviy bogʻliq holda muhokama qilindi. Maxsus texnika, tez tibbiy yordam hamda yongʻin oʻchirish avtomobillarini xarid qilishni jadallashtirish, yil yakuniga qadar neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari tasarrufidagi barcha yotoqxona va vagonlarni taʼmirlash ishlarini yakunlash topshirildi.
Shuningdek, Boshqaruv raisining tashabbusi bilan yil davomida yoʻlga qoʻyilgani ishchilarni bepul ovqat bilan taʼminlash amaliyoti ijobiy baholandi. Ammo ovqatlanishni tashkil etish jarayonida aniqlangan kamchiliklar tanqid qilinib, 2027-yilda ularning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik zarurligi taʼkidlandi. Ishchilarni sifatli ovqat bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida tegishli tender jarayonlarini hozirdan boshlash vazifasi belgilandi.
Yil natijasi va 2027-yil uchun zamin
Boshqaruv raisi ijobiy koʻrsatkichlar xotirjamlikka asos boʻlmasligi, aksincha, oldinda turgan hal qiluvchi toʻrtinchi chorak va qish mavsumi har bir yoʻnalishda yuksak safarbarlikni talab etishini alohida taʼkidladi. Qayd etilishicha, endilikda asosiy vazifa mavjud surʼatni saqlab qolish bilangina cheklanmasdan, uni yanada oshirish va har bir rejani aniq natijaga aylantirishdan iborat. Yillik koʻrsatkichlarni toʻliq taʼminlash bilan bir qatorda, 2027-yil uchun mustahkam ishlab chiqarish va moliyaviy zamin yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Kelgusi yilda sintetik yogʻ, chiziqli alkilbenzol va parafin kabi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish rejasi mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish, qoʻshimcha qiymat zanjirini kengaytirish hamda import oʻrnini bosish borasida yangi bosqichni boshlab berishi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida Markaziy apparatning har bir boʻlinmasi kesimida toʻrtinchi chorak uchun aniq vazifalar va yil oxiriga qadar taʼminlanishi shart boʻlgan natijalar belgilab berildi. Boshqaruv raisi har bir topshiriq zamirida tarmoq barqarorligi, har bir raqam ortida esa xalq manfaati mujassam ekanini qayd etdi. Shu munosabat bilan barcha rahbarlardan bahona va kechikishlarga yoʻl qoʻymasdan, topshiriqlarni qatʼiy ijro etish va aniq natijalarga erishish talab qilindi.