November 3

Ustyurtdagi istiqbolli loyihalar gaz qazib chiqarish barqarorligini taʼminlash hamda tabiiy tushishga qay darajada taʼsir qiladi?

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan ushbu savolga “Oʻzbekneftgaz” AJ bosh geologi Nodir Muhiddinov javob berdi.

— Bizning ham asosiy umidimiz aynan Ustyurt mintaqasidan. Yetakchi geologlarimizning xulosasiga koʻra, yangi zaxiralarni aniqlash hamda qazib chiqarish hajmlarini oshirishda asosiy salohiyat Ustyurtga toʻgʻri keladi. Chunki ayni paytda yangi konlar aynan shu hududning oʻta chuqur qatlamlaridan topilmoqda. Biroq buning jiddiy texnik murakkabliklari mavjud: agar ilgari oʻzlashtirilgan konlarimiz 3 000 – 3 500 metr chuqurlikda boʻlgan boʻlsa, hozirgi yangi konlar 5 000 metrdan ortiq chuqurlikda joylashgan. Chuqurlikning ortishi esa burgʻilash va qazib chiqarish xarajatlarining logarifmik (keskin) darajada oshishiga hamda texnologik murakkabliklarga olib keladi. U yerda qatlam bosimi 1 000 atmosferagacha, harorat esa 200 darajagacha yetadi. Quduq usti uskunalari 1 000 atmosfera bosimiga dosh beradigan boʻlishi shart. Bunday ekstremal bosim va 200 darajali haroratda ishlay oladigan texnologiyalar dunyoda sanoqli kompaniyalardagina mavjud boʻlib, biz ana shunday ilgʻor texnologiyalarni jalb qilgan holda 5 000 metrdan chuqur qatlamlarni oʻzlashtirmoqdamiz.

— Bu qazib olinadigan gazning tannarxi ham oshishini anglatadimi?

— Albatta, narx ham oshadi. Chuqurlik va texnologik qiyinchiliklar olib borilayotgan geologiya-qidiruv ishlari bahosini ham, bevosita qazib olish xarajatlarini ham oshiradi. Ammo gaz qazib chiqarishni koʻpaytirishning boshqa asosiy muqobili boʻlmagani sababli, bor salohiyat shunga bogʻliq deb bilib, aynan shu yoʻnalishda “Oʻzbekneftgaz” ning oʻz kuchi bilan qatʼiy ish olib boryapmiz.

— Ozarbayjonning “SOCAR” va Britaniyaning “BP” kompaniyalari bilan hamkorlikdagi Ustyurt megaloyihasi esa mutlaqo alohida loyiha hisoblanadi. Uning shartlari va mexanizmi boshqacha. Ayni paytda mazkur hamkorlik doirasida 3 000 kvadrat kilometrdan ortiq maydonda seysmoqidiruv (3D seysmorazvedka) ishlari oʻtkazildi. Hozirda olingan seysmik maʼlumotlarni chuqur qayta tahlil qilish jarayoni bormoqda va kelgusi yilda ilk qidiruv qudugʻini burgʻilash rejalashtirilgan. SOCAR va BP mutaxassislarining xulosasiga koʻra, aynan 5 000 metr chuqurlikda ulkan gaz zaxiralarini ochish salohiyati mavjud. Biroq bir muhim jihatni toʻgʻri tushunish kerak: bu hududda hali kon ochilgani yoʻq! Loyiha hozircha faqat dastlabki geologiya-qidiruv bosqichida turibdi. Kelgusi yilda quduq burgʻilanib, tijoriy zaxira tasdiqlanganidan soʻnggina keyingi iqtisodiy va texnologik hisob-kitoblarga oʻtiladi. Shu sababli hozircha gaz tannarxi yoki xarajatlar miqdori haqida gapirishga hali juda erta, buning uchun vaqt talab etiladi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati