September 25

“Sasol” kompaniyasi “GTL” loyihasi bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi

"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Janubiy Afrikaning "Sasol" kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti doktor Sarushen Pillay boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan erishilgan natijalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ma’lumki, "Sasol" kompaniyasi "Uzbekistan GTL" loyihasining asosiy litsenziarlaridan biri hisoblanadi. Mazkur hamkorlik doirasida sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi to‘liq loyihaviy quvvatga chiqarildi. Shu munosabat bilan kompaniya vakillari zavodning to‘liq quvvat bilan ishlayotganligining rasmiy tasdig‘i sifatida "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisiga maxsus statuetka topshirdi.

"Uzbekistan GTL" zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishgan "Sasol" kompaniyasi delegatsiyasi mazkur zavod bugungi kunda to‘liq quvvat bilan ishlayotgani va yuqori samaradorlikka erishilayotganini alohida ta’kidladi. Mehmonlar davlat tomonidan o‘z vaqtida berilgan qo‘llab-quvvatlash tufayli "O‘zbekneftgaz"AJ ilk bor mamlakat tarixida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘lganini e’tirof etdi.

"Sasol" kompaniyasi loyihaning asosiy lisenziari sifatida Jamiyatni har tomonlama texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur katalizatorlarni uzoq muddatli yetkazib berishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, g‘oyadan to amaliy ijrogacha bo‘lgan yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar barqaror aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib oldilar.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati