January 27

Uglevodorodlar qazib chiqarish hamda mahsulot ishlab chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ ning Qarshi shahridagi ma’muriy binosida Boshqaruv raisi boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan 2024 yil yakunlari va 2025 yil rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda viloyatdagi neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, gazni qayta ishlash zavodlari rahbarlarining o‘tgan yilda uglevodоrodlar qazib chiqarish hamda mahsulot ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobotlari tinglandi.

Shuningdek, 2025 yil prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarda belgilangan aniq mexanizmlar ijrosini ta’minlash masalasi muhokama qilinib, tegishli mas’ul departamentlar va tizim korxonalari rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi.

Xususan, tabiiy gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash bo‘yicha geologik-texnik tadbirlarda ko‘zda tutilgan tadbirlar - quduqlarni burg‘ilash va kapital ta’mirlashda ishlarni jadallashtirish va xorijiy hamkorlar bilan rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Texnologik tadbirlar doirasida Sho‘rtan, Muborak boshqarmalariga qarashli konlardagi kichik kompressor stansiyalarini qurilish-montaj ishlari, uskunalarni yetkazib berish va ularni ishga tushirishni tarmoq grafiklarida ko‘rsatilgan muddatlarda ijrosini ta’minlashga doir vazifalar belgilandi.

Shuningdek, joriy “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”ida jamiyat oldiga qo‘yilgan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun “yashil” texnologiyalarni jalb qilish, energiya tejamkorlikni oshirish hamda atrof muhitga tashlanayotgan chiqindi gazlarini kamaytirish loyihalarining jadallashtirish choralarini ko‘rish lozimligi alohida ta’kidlanib, mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook