“Air Products” kompaniyasi bilan muzokara o‘tkazildi
O‘zbekiston delegatsiyasi “Air Products” kompaniyasining AQSHda joylashgan Texnologik markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida kompaniyaning Prezidenti va Direktorlar kengashi raisi Seyfi Gasemi bilan muzokara o‘tkazildi.
Tomonlar GTL loyihasini amalga oshirishning joriy holatini muhokama qildilar. Zavodda ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli sintetik mahsulotlarning Yevropa bozorlariga chiqishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tashrif doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ va “Air Products” kompaniyasi o‘rtasida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi negizida karbonat angidridni yig‘ish va utilizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida hamkorlik doirasida kelgusida amalga oshiriladigan rejalar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: “Air Products” ommaviy kompaniya bo‘lib, dunyoning 50 dan ziyod davlatida 750 dan ortiq ishlab chiqarish maydonlarida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu kompaniya sanoat gazlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, "Air Products" suyultirilgan gaz ishlab chiqarish texnologiyasi va uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha jahonda yetakchi hisoblanadi.