August 29

Texnologiya fani o‘quv-xonalari ta’mirlanib, qayta jihozlanmoqda

Ruscha

Prezidentimizning “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari va ixtisoslashgan markazlarning hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu klaster doirasida ishlab chiqarish va ta’limni mukammal integratsiya qilish, mutaxassislarning amaliyotdagi tajribalarini oshirish kabi bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, ta’lim klasteri ishtirokchilari mablag‘lari hisobidan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarning texnologiya fani o‘quv-xonalari, ustaxonalarini qayta jihozlash bo‘yicha ham ishlar tashkil etilgan.

Jumladan, Jamiyat tizim tashkilotlari, ya’ni Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majuasi, Muborak gazni qayta ishlash hamda “Uzbekistan GTL” zavodlari bilan birgalikda Toshkent kimyo-texnologiya instituti binosidagi o‘quv-auditoriya xonalari kapital ta’mirlandi.

Bugungi kunda ularni mebel-jihozlari va zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan qonunchilik asosida xarid qilish jarayonlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterining tashkil etilishi va amalga oshirilgan tadbirlar, shubhasiz, yurtimiz iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish orqali, nafaqat yuqori malakali kadrlarni shakllantirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, balki sohaga yangidan-yangi ilg‘or texnologiyalar joriy qilishda ham katta rol o‘ynaydi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati