Ostonada mintaqa neft-gaz kimyosi rivoji muhokama qilindi
Qozog‘istonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasida neft-gaz kimyosi va neftni qayta ishlashga bag‘ishlangan 11-xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Har yili tashkil qilinadigan ushbu anjuman sohadagi dolzarb masalalarga yechim topish uchun mutaxassislar o‘rtasidagi muhim platforma hisoblanadi.
"KPMG" kompaniyasi vakili tomonidan boshqarilgan sessiyada "Uzbekistan GTL" MCHJ Bosh direktori A. Bahodirov, "Kazakh Invest" kompaniyasi Boshqaruvchi direktori A. Kojanov hamda "Samruk-Kazyna Ondeu" kompaniyasi biznes rivojlantirish bo‘yicha Boshqaruvchi direktori J. Orazaliyev qatnashdilar.
Sessiya davomida mintaqaning kelajakdagi neft va gaz kimyo sanoati rivojlanish bosqichlari hamda sohadagi investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi. Asosiy mavzu — mintaqadagi zavodlarning xalqaro raqobatbardoshligini ta’minlash, kompaniyalarning rentabelligini oshirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan bo‘ldi.
Ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati, texnologik innovatsiyalar hamda barqaror rivojlanish masalalariga ham alohida urg‘u berdilar. Yangidan joriy etilayotgan texnologiyalar orqali sanoatning ekologiyaga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlari keng muhokama qilindi.
Shuningdek, geosiyosiy o‘zgarishlar va global neft-gaz bozorida muvozanatni saqlab qolish uchun mintaqaviy resurslarni optimallashtirish borasida ham fikrlar almashildi. Anjumanda sanoat vakillari o‘zaro tajriba almashib, istiqbolli hamkorlik imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdilar.