Yesterday

Aholi bandligini ta’minlashda ham muhim qadamlar tashlanmoqda

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ nafaqat mamlakatimiz energetika sohasida, balki ijtimoiy yo‘nalishdagi loyihalarda ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Xususan, majmua Migratsiya agentligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Germaniyaning “Avestos” kompaniyasi bilan hamkorlikda qashqadaryolik fuqarolarni Germaniyada kafolatlangan ish o‘rinlari bilan ta’minlashga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda.

Hozirda mazkur hamkorlik doirasida Qarshi shahrida joylashgan Kasbiy ko‘nikmalar markazida ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, loyiha doirasida 25 ta kasb turi bo‘yicha Germaniyada ishlash imkoniyatini yaratish, bepul nemis tili kurslari va kasbiy tayyorgarlik dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, ta’limni muvaffaqiyatli yakunlagan fuqarolarni Germaniyada kafolatlangan va qonuniy mehnat shartnomalari asosida ishga joylashtirish masalalari yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Germaniyaning Nemis korxonalari assosiatsiyasi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari O‘zbekistonga tashrifi doirasida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ham bo‘lishdi. Majmuaning texnologik hududi, ishlab chiqarish salohiyati hamda mavjud xavfsizlik infratuzilmasi bilan tanishdilar.

Shundan so‘ng tomonlar hamkorlik doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalarni muhokama qilish maqsadida muzokaralar o‘tkazishdi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati