“O‘zbekneftgaz”: Kanada elchisi va Kanada kompaniyalari prezidentlari bilan muzokaralar o‘tkazildi
Avval xabar berilganidek, ayni paytda “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” 25-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Ko‘rgazma doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va Kanadaning O‘zbekiston Respublikasidagi konsuli LeKler E hamda Kanada kompaniyalari prezidentlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.
Kanada delegatsiyasi tarkibidan “Condor Energies”, “5Blue Processing”, “Crusader Joint Ventures”, “Master Flo Valve”, “Stream Flo”, “JORI International”, “Central Asia”, “JORI International”, “Thermo Design Engineering Ltd.,” kompaniyalari, "GHGSat", Janubiy Alberta Texnologiya Instituti vakillari o‘rin olgan.
Uchrashuvda "Condor Energies Inc." kompaniyasi bilan Gazli hududida tabiiy gaz qazib olish va zahiralarni oshirish borasida amalga oshirilayotgan hamkorlikning bugungi jarayonlari ham muhokama qilindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati Kanada kompaniyalari tomonidan ta’lim hamda neft va gaz sohasi bo‘yicha malaka oshirish yo‘nalishdagi hamkorlikka katta qiziqish bildirdi.
Delegatlar tarkibidan joy olgan Janubiy Alberta Texnologiya Instituti (SAIT) neft va gaz tashkilotlariga ta’lim xizmatlarini taklif qiluvchi dunyodagi yetakchi professional ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugungi kunda SAIT tomonidan 48 ta mamlakatda yetakchilik seminarlari, mutaxassislar va sohalarga xizmat ko‘rsatish uchun kasbiy tayyorgarlik, ob’yektlarni loyihalash va o‘qituvchilarni tayyorlash dasturlari orqali professional ta’lim va maslahat berib kelinmoqda.
Unda atrof-muhitni muhofaza qilish, neft va gaz sohasiga oid uskunalarni yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati xorijiy kompaniyalar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar uchun minnatdorchilik bildirdi, bu kabi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunlarida barcha sohalardagi hamkorlik istiqbollarini o‘rganish va barcha qo‘shma loyihalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumot uchun qayd etish joizki, Kanada dunyoda neft eksporti bo‘yicha yirik davlatlardan hisoblanadi. Uning kunlik neft eksporti hajmi 3,289 million barrelni tashkil qiladi. Ushbu mamlakat neft qazib olish bo‘yicha hozirda yettinchi o‘rinda turadi.