January 22

Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish jarayoni jadallashmoqda

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan sanoat kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish maqsadida turli uchrashuvlar tashkil qilinmoqda.

Navbatdagi uchrashuvlar doirasida “Toshelektroapparat” MCHJ XK va “Avtotraktorradiator” MCHJ mutaxassislari “O‘zbekneftgaz” AJning Qashqadaryo viloyatida joylashgan korxona va boshqarmalarida bo‘lib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

“Toshelektroapparat” MCHJ XKning mutaxassislariga “E-kon” loyihasi doirasida Sho‘rtan gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli konlarda fotoelektrostansiyalarni o‘rnatish, energiya hisobining avtomatlashtirilgan tizimini takomilashtirish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida chastotali o‘zgartirgichlarni ta’mirlash va servis xizmat ko‘rsatish, shuningdek, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida gazni qayta ishlash bo‘limi yoritish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar berildi.

“Avtotraktorradiator” MCHJ mutaxassislari bilan kompressorlar moy radiatorlarining ta’miri, issiqlik almashinuvchilarini ishlab chiqarish hamda avtotransport vositalarining radiatorlariga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘rganish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borildi.

Ta’kidlash joizki, mahalliy korxonalar tomonidan taklif etilayotgan yechimlar, mahsulotlarni sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tkazish va tijorat takliflarini olish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar orqali importga bog‘liqlikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar sur’atini kuchaytirish, yangi turdagi sanoat xizmatlari va mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook