January 23, 2024

Stipendiya qo‘lga kiritgan talabalar taqdirlandi

Ruscha

Prezidentning “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, “Uzbekistan GTL” zavodi uchun kadrlar tayyorlash dasturi doirasida beshinchi bor o‘tkazilayotgan kompaniya stipendiyalar dasturi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu stipendiya neft va gaz sohasida tahsil olayotgan bilimga chanqoq, aniq maqsad sari intiluvchan yoshlar salohiyatlarini namoyon qilishga imkoniyat yaratmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tanlovda yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 3 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Tanlov natijalariga ko‘ra, 16 nafar talaba "Uzbekistan GTL" kompaniyasining 2023-2024 o‘quv yili uchun stipendiyasining g‘olibi bo‘ldi.

Tanlov davomida yuqori natija ko‘rsatgan va "TOP-34" dan mustahkam joy olgan yoshlarning 18 nafari "Tanlovning faol ishtirokchilari" sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, ikkinchi bosqichda 50 balldan yuqori natija ko‘rsatgan 242 nafar talabaga zavodda amaliyot o‘tash imkoniyati taqdim etildi.

Ma’lumot uchun, 2019-2020 o‘quv yili uchun birinchi marta o‘tkazilgan stipendiya tanlovida 850 nafar, 2020-2021 o‘quv yilida 1200 nafar, 2021-2022 o‘quv yilida 1700 nafar, 2022-2023 2 ming nafardan ortiq talaba qatnashdi. Bu esa yildan-yilga talabalarning ushbu stipendiya tanloviga bo‘lgan qiziqishlarini ortib borishini ko‘rsatmoqda. O‘tgan yillar davomida jami 46 nafar talaba stipendiya sohibiga aylandi. Ularning aksariyati bugungi kunda zavodda o‘zlarining muvaffaqiyatli mehnat faoliyatlarini olib bormoqda.

Taqdirlash marosimida “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari oliy ta’lim mutasaddilari ishtirok etib, g‘oliblarni tabriklashdi, kelgusidagi faoliyatlariga yangi zafarlar tilashdi.

“Uzbekistan GTL” PR-xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook