Zavod aviatsiya yonilg‘isi xalqaro standartga javob berdi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida aviatsiya, kosmik va mudofaa sanoatida qo‘llaniladigan eng yuqori talablarni belgilaydigan AS 9100D xalqaro standarti bo‘yicha sifat menejmenti tizimi qayta sertifikatlashtiruvchi auditdan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Tekshiruv davomida zavodda ishlab chiqariladigan "Jet A-1" aviatsiya yonilg‘isi va "Jet" yarim sintetik aviatsiya yonilg‘isi asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Bu yonilg‘ilar xalqaro aviatsiya bozorida strategik ahamiyatga ega mahsulotlar hisoblanadi.
Tekshiruvni AQSHdagi "ANAB" akkreditatsiyasiga ega bo‘lgan yirik xalqaro sertifikatlash organi — DNV (Det Norske Veritas) o‘tkazdi. Audit jarayoni “Management Certification” MCHJ hamkorligida amalga oshirildi, shuningdek, Hindiston va Ozarbayjondan xalqaro ekspertlar ham ishtirok etdi.
Auditorlar ish jarayonlari, hujjatlar va xodimlar malakasini chuqur tahlil qildi. Xodimlarning professional tayyorgarligi, infratuzilma va texnologik jarayonlarni takomillashtirish ishlari yuqori baholandi.
Natijada, Buxoro NQIZning sifat menejmenti tizimi "AS 9100D" talablariga to‘liq javob berishi tasdiqlandi va zavodga yangilangan sertifikat berish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Qayd e’tish joizki, 2023 yil yanvar oyida Buxoro NQIZ Xalqaro aerokosmik sifat guruhiga (IAQG) a’zo bo‘lgan va "OASIS" global ma’lumotlar bazasida "Jet A-1" va "Jet" yarim sintetik yonilg‘isini yetkazib beruvchi sifatida qayd etilgan.
Bu sertifikat zavodga nafaqat yuqori sifatli aviatsiya yonilg‘isini ishlab chiqarishda yetakchilikni saqlab qolish, balki jahonning yirik kompaniyalari uchun ishonchli hamkor bo‘lib qolish imkonini beradi.