May 18, 2023

“O‘zbekneftgaz”: “O‘zbekiston neft va gazi - OGU-2023” 25-xalqaro ko‘rgazmasi doirasida yosh olimlar ilmiy-innovatsion seminari o‘tkazildi

Ruscha

“O‘zbekiston neft va gazi - OGU-2023” 25-xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston Respublikasining 3-xalqaro energetika forumi - UEF-2023 doirasida yosh olimlar ilmiy-innovatsion seminari bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston neft va gaz sanoatining rivojida yoshlarning tutgan o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan seminarga 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tekshirish institutlarining bakalavr, magistr va ilmiy xodimlaridan 50 ga yaqin takliflar kelib tushdi.

- Ishonchim komilki, ushbu seminar yosh olimlarimiz uchun o‘z bilim va ilmiy ishlari dolzarbligini ko‘rsatib berish uchun maydon vazifasini o‘taydi. Bu o‘z navbatida, yosh olim va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni va ilmiy-innovatsion sohadagi salohiyatimizni yanada rivojlantirishda yangi imkoniyatlarni ochadi, - deydi seminarning ochilish marosimida so‘zga chiqqan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari B. Usmonov.

Ta’kidlanganidek, ushbu seminar o‘quv yurtlari bilan birgalikda kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish, sohada ilmiy darajali mutaxassislarni ko‘paytirish, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan yosh olimlarga qo‘shma rahbarlik asosida ilmiy tadqiqotlar olib borishda keng yo‘l ochadi.

“Yosh olimlar” ilmiy-innovatsion seminarida jami 16 ta mavzu bo‘yicha ma’ruzalar ichidan quyidagilari g‘olib o‘rinlarga saralab olindi.

1-o‘rin – I.M.Gubkin nomidagi (MTU) Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali 4-kurs talabasi Dilshod Normatov.

2-o‘rin – I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti magestranti Amirbek Uranov.

3-o‘rin – Buxoro neft va gaz sanoat kolleji o‘qituvchisi Bexruz Mansurov.

Birinchi o‘ringa loyiq deb topilgan ma’ruzachiga noutbuk, ikkinchi o‘ringa planshet va uchinchi o‘ringa telefon va diplomlar taqdim qilindi.

Seminarda ishtirok etgan 13 ta ma’ruzachiga ham sertifikatlar taqdim qilindi. Ishtirokchilarning maqola va tezislari jamlanma sifatida chop etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|