March 17

Neft-gaz sanoatini raqamlashtirishda ilg‘or texnologiyalar bilan tanishildi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi o‘rinbosari boshchiligidagi mutaxassislardan iborat delegatsiya a’zolari AQSHning Xyuston shahrida o‘tkazilgan “Digital Oilfield USA 2025” xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasida ishtirok etdi.

Unda dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan kelgan “Chevron”, “Halliburton”, “Shell”, “Schneider Electric”, “Siemens”, “CNPC”, “Hitachi Vantara”, “Schlumberger”, “Altair Engineering” kabi yirik neft sanoati kompaniyalaridan 100 dan ortiq vakillar qatnashdi.

"O‘zbekneftgaz" AJ xodimlari tomonidan “Raqamli transformatsiya strategiyasi: Sun’iy intellektni kelajakda joriy etish uchun asos” mavzusidagi ma’ruzasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va faol muhokama qilindi. Ma’ruzada asosiy e’tibor “Altair Engineering” kompaniyasining modellashtirish, sun’iy intellekt va yuqori samarali hisoblash texnologiyalari bo‘yicha yechimlariga qaratildi.

Qayd etish joizki, ko‘rgazma doirasida Jamiyat xodimlari tomonidan sun’iy intellekt, raqamli egizak, bulutli va gibrid hisoblash, elektrlashtirish va generativ sun’iy intellekt, modellashtirish asosida loyihalash va aqlli ishlab chiqarish potensiali to‘liq o‘rganib chiqildi. Shuningdek, “TeleWorker AI” kompaniyasi bilan birgalikda, robot hamda inson ishchilarni boshqarish va nazorat qilish uchun Tele-Work-as-a-Service dasturiy platformasi bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarning batafsil taqdimoti bilan tanishildi. Bundan tashqari, Sproule, NDO Grid, NV5, Riger kabi bir nechta kompaniyalar bilan muzokaralar ham o‘tkazildi.

Neft-gaz sanoatini raqamlashtirish bo‘yicha tinglangan 20 dan ortiq ilmiy-amaliy ma’ruzalar ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalar bilan tanishish imkonini berdi. Bu esa "O‘zbekneftgaz" AJning sun’iy intellekt sohasidagi rivojlanishi uchun muhim qadam hisoblanadi.

Shuningdek, “Schlumberger” kompaniyasining Katty SLB markazida tashkil etilgan uchrashuvda “Drill-Opps” dasturiy ta’minoti asosidagi quduq burg‘ilashning yangi yondashuviga bag‘ishlangan taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu dasturiy ta’minot yordamida burg‘ilashni ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan trening markazi namoyish etildi.

Jamiyat mutaxassislaridan iborat delegatsiya Sugar Land SLB markazi hamda Richmond kampusida ham bo‘lib, geofizik yechimlarni joriy etish va o‘rganish bo‘yicha mutaxassislar bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Ularda milliy geologik ma’lumotlar bazasini yaratish masalalari muhokama qilindi. Dasturiy ta’minot taqdim etildi va ma’lumotlar bazasini yaratishda sun’iy intellektni qo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi.

Seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash va talqin qilish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha yechimlar, shuningdek, seysmik ma’lumotlarni saqlash va talqin qilish markazi faoliyati ham mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati