November 10, 2023

ESG tamoyillarini joriy etish doirasida “Metan emissiyalarini qisqartirish” loyihasi amalga oshirilmoqda

Ruscha

"O‘zbekneftgaz" AJda olib borilayotgan islohotlar va ESG tamoyillariga mos keluvchi loyihalarga sarmoya jalb etish maqsadida "Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida metan emissiyalarini qisqartirish" loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun: Issiqxona gazlari-bu ko‘rinadigan diapazonda yuqori shaffoflikka ega va o‘rta va uzoq infraqizil diapazonlarda yuqori singdiruvchi gazlar. Atmosferada bunday gazlarning mavjudligi issiqxona effektiga olib keladi. Asosiy issiqxona gazlari karbonat angidrid, metan va ozondir.

Metan emissiyalarini kamaytirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ va Shveytsariyaning “Vema Carbon” kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi. Shartnomadan ko‘zlangan maqsad xalqaro mutaxassislari bilan hamkorlikda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli ob’yektlarda yuzaga kelgan yoki kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishdan iborat.

Loyiha doirasida qurilma, rezervuar va quvurlardagi tahdidlar yoki shikastlanishlar mavjudligini tekshirish, infratuzilmasini nazorat qilish va operatsiyalarni tez va ishonchli kuzatishni ta’minlash uchun dronlardan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Gaz quvurlarini kuzatish uchun dronlardan foydalanish qo‘lda tekshirish kabi an’anaviy usullarga nisbatan bir qancha afzalliklarga ega. Xususan, dronlar kecha va kunduz xavfsiz masofadan quvurlarda yuzaga kelgan sizib chiqishlarni o‘z vaqtida aniqlashga va kelgusida ularni bartaraf etish tadbirlarini tezlashtirish imkoniyatini yaratadi.

Natijada metan emissiyalarini atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish, hamda ma’nan eskirgan qurilmalarni vaqtida aniqlab, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish orqali erishiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube