Gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirishda Xitoyning "CNPC" tajribasi tatbiq etiladi
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi topshirigʻiga koʻra, Jamiyat mutaxassislaridan iborat Ishchi guruh aʼzolari ayni damda Xitoy Xalq Respublikasining neft va gaz yoʻnalishi boʻyicha nufuzga ega boʻlgan “CNPC” korporatsiyasi tarkibidagi Neft va gaz texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Mazkur institut konlarda neft va gaz qazib olish jarayonlari uchun zamonaviy texnologik yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga ixtisoslashgan. Ushbu ilm dargohida professor-olimlar va yuqori malakali mutaxassislardan iborat katta ilmiy jamoa faoliyat olib boradi.
Tashrif davomida gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish, ish jarayonlarini barqarorlashtirish hamda samaradorlikni taʼminlashga qaratilgan bir qator ilgʻor texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar oʻzaro tajriba almashib, sohada qoʻllanayotgan innovatsion yondashuvlar yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.
Jumladan, quduqlarni ekspluatatsiya qilish jarayonida mashʼala gazlarini tizimga qaytarish, quduq tubida toʻplangan suyuqliklarni plunjer nasoslar orqali chiqarish, shuningdek, yuza faol moddalar (PAV) qoʻllash texnologiyalari bilan yaqindan tanishildi.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, ushbu texnologik yechimlarni “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi konlarda gaz qazib olish barqarorligini taʼminlash maqsadida tatbiq etish yuzasidan muzokaralar olib borildi. Joylarda Ishchi guruh oʻrganishlari davom etmoqda