August 1

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqovning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murojaati

Ruscha

Hurmatli yurtdoshlar, jamoatchilik vakillari hamda soha xodimlari!

Mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida izchil hamda samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada, davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 apreldagi "Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori muhim ahamiyatga egadir.

Mazkur hujjat bilan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini yanada kuchaytirish, yangicha tizim asosida ishlab, ular faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida bir qator yangi mexanizmlar joriy etilishi belgilandi.

Jumladan, huquqiy eksperiment tariqasida Jamiyatda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agenligi xodimi tayinlandi va tegishli qo‘shma qaror tasdiqlanib, ustivor vazifalar belgilandi.

Bu esa, Jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining yanada mustahkamlanishi, Agentlik bilan yaqin hamkorlikda ishlash, shuningdek, shaffoflik va samaradorlikning yangi bosqichiga chiqishini anglatadi.

Shu o‘rinda ayrim raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. “O‘zbekneftgaz” AJ Prezidentimizning 2022 yil 12 yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosiga muvofiq, 2022 yilda 80 ball, 2023 yilda 90 ball (+10), 2024 yilda esa, 92 ball (+2) natijani qayd etdi. Shunga qaramay, Jamiyatning hududiy va tizim tashkilotlarida ishlar yanada kuchaytirilmoqda. Bu boradagi vaziflarni amalga oshirish maqsadida manzilli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, undagi tadbirlarni amalga oshirishda tegishli o‘rganishlar, qonunchilik normalariga rioya etilishi ustidan monitoring olib borilmoqda.

Jumladan, 2025 yilning birinchi yarmida jami 213 ta o‘rganish o‘tkazilib, aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi va 12 ta holatda to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Aniqlangan xato-kamchiliklar yuzasidan 44 nafar mas’ul xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan bo‘lsa, 2 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilib, boshqa lavozimga o‘tkazilgan, 4 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Tizim tashkilotlarida 14,4 mlrd so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi oldi olindi va 5,6 mlrd so‘mlik xato-kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlandi. Jamiyatning xarid shartnomalarini tuzish hamda mablag‘ ko‘chirish bilan bog‘liq kiritilgan so‘rovlarga asosan jami 45 ta chet el va mahalliy korxonaning sanksiyaviy ro‘yxatlarda mavjudligi yuzasidan tegishli xulosalar taqdim etildi.

Jamiyat tasarrufidagi 23 ta boshqarma (zavod) va korxonada xodimlar huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 100 dan ortiq seminar-trening tashkil etildi.

Jamiyat faoliyatida raqamlashtirish orqali korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Komplayens nazorati” tizimi orqali tovar-xomashyo birjasidagi shartnomaviy munosabatlarda manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaruvchi omillar aniqlanmoqda.

Yuqorida qayd etib o‘tilgan ijobiy natijalarga qaramasdan, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini izchil davom ettirishimiz va Jamoada «korrupsiya uchun javobgarlik muqarrar» degan qat’iy ijtimoiy fikrni shakllantirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatining harakatlantiruvchi kuchi sifatida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarimiz tomonidan ushbu illatga qarshi olib borilayotgan kurashni yagona tizimli harakatga aylantirish hamda korrupsiyaga qarshi standartlar me’yorga aylangan, ushbu illatga qarshi murosasizlik va toqatsizlik maksimal nuqtaga chiqqan jamiyat barpo etish eng muhim vazifalarimizdan biridir. Shu bois, ko‘p sonli jamoamizni korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillariga sidqidildan amal qilishlarini, Qarorda belgilangan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarishlarini so‘rab qolaman.

So‘zim oxirida barchani mansabdor shaxslar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan korrupsion holatlar, yuzaga kelayotgan manfaatlar to‘qnashuvi hamda boshqa salbiy oqibatlar yuzasidan Jamiyatning tegishli aloqa kanallari orqali bog‘lanishga va korrupsiyaga qarshi kurashda faol ishtirok etishga chaqirib qolaman.

Aloqa kanallari: Ishonch telefoni: +(99871) 233-28-88 (1810)
Pochta manzilimiz: kans@ung.uz
Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti pochta manzili: compliance@ung.uz
Telegram bot: @ung_anticorBot

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati