Zavodning ISO 45001 xalqaro standartiga muvofiqligi tasdiqlandi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ISO 45001 xalqaro standarti asosida mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligini boshqarish tizimining birinchi kuzatuv tashqi auditi oʻtkazildi. Tekshiruv “Management Certification” sertifikatlashtirish kompaniyasi auditorlari tomonidan amalga oshirildi.
Ikki kun davomida mutaxassislar korxonada ishlab chiqarish xatarlarini boshqarish mexanizmlari, mehnat sharoitlari ustidan nazorat tizimi hamda baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni baholashdi. Shuningdek, ishlab chiqarish boʻlim va boʻlinmalarida standart talablarining amalda bajarilishi tekshirildi.
Audit yakunlariga koʻra, amaldagi tizim ISO 45001 talablariga toʻliq muvofiq ekani tasdiqlandi. Taqdim etilgan jarayonlar, hujjatlar va xatarlarni boshqarish boʻyicha amaliy yechimlar yuqori baholandi. Birinchi kuzatuv auditi muvaffaqiyatli yakunlandi.
ISO 45001 standarti ishlab chiqarish xavflarini tizimli ravishda kamaytirish, xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish va xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlashga xizmat qiladi.